Ekspertiza o'tkazish tartibi to'g'risida
Bosh > Interativ hizmatlar > Ekspertiza o'tkazish tartibi to'g'risida
Sahifaning oxirgi yangilanish sanasi: 11 03 2016


O'zbekiston Respublikasi Temir yo'llarda yuk va yo'lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspektsiyasi tomonidan ob'ektlar, mahsulotlar va texnologiyalarning loyihalarini hamda foydalanishga qabul qilib olish ishlarini ularning temir yo'l transporti sohasida belgilangan talablarga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan o'tkazish tartibi to'g'risida

I. Umumiy qoidalar

1.Ushbu Nizom o'tkazilgan ekspertiza natijalari bo'yicha ob'ektlar, mahsulotlar va texnologiyalarning loyihalarni hamda ularni foydalanishga qabul qilib olish ishlarini amalga oshirish huquqini beradigan ushbu Nizomga 1 va 2-ilovalarga* muvofiq sxema va shakl bo'yicha xulosa (keyingi o'rinlarda xulosa deb ataladi) berish uchun O'zbekiston Respublikasi Temir yo'llarda yuk va yo'lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspektsiyasi (keyingi o'rinlarda O'zdavtemiryo'lnazorat davlat inspektsiyasi deb ataladi) tomonidan ob'ektlar, mahsulotlar va texnologiyalarning loyihalarini hamda ularni foydalanishga qabul qilib olish ishlarini ularning temir yo'l transporti sohasida belgilangan talablarga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan o'tkazish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi: ariza beruvchi xulosa olish uchun hujjatlarni O'zdavtemiryo'lnazorat davlat inspektsiyasiga taqdim etadigan tadbirkorlik sub'ekti yuridik shaxs;
temir yo'l transporti ob'ekti (keyingi o'rinlarda ob'ekt deb ataladi) foydalanilayotgan temir yo'l infratuzilmasi (temir yo'l infratuzilmasining uchastkalari); temir yo'l infratuzilmasining tarkibiy qismlari (yo'llar, temir yo'l elektr ta'minoti, boshqarish, nazorat qilish, signalizatsiya va aloqa, stantsiya kichik tizimlari); tashkil etilgan temir yo'l harakat tarkibi va uning tarkibiy qismlari (poezdlar, monyovrli tarkiblar, tirkamalarning kichik tizimlari); umumiy foydalanishdagi temir yo'l transporti, egalari jismoniy shaxslar hisoblanadigan idoraviy temir yo'l kirish yo'llari hamda va temir yo'l kirish yo'llari, shuningdek texnologik temir yo'l transporti; temir yo'l transporti mahsuloti (keyingi o'rinlarda mahsulot deb ataladi) temir yo'l transporti uchun yangidan tayyorlanadigan mahsulotlar: temir yo'l harakat tarkibi va (yoki) uning tarkibiy qismlari, shuningdek temir yo'l transporti infratuzilmasi kichik tizimlarining tarkibiy qismlari elementlari yoki uning kichik tizimlari tarkibiy qismlari elementlarining yig'indisi; temir yo'l transporti texnologiyasi (keyingi o'rinlarda texnologiya deb ataladi) temir yo'l transporti sohasida foydalaniladigan metodlar va jarayonlar yig'indisi, shuningdek temir yo'l transporti mahsulotini tayyorlashga, unga xizmat ko'rsatishga, uni ta'mirlashga va (yoki) undan foydalanishga yo'naltirilgan tashkiliy chora-tadbirlar, operatsiyalar va usullar kompleksini o'z ichiga oladigan texnik ishlab chiqarish usullarining ilmiy tavsifi; ekspertiza loyihalar hujjatlarini va ob'ektlar, mahsulotlar va texnologiyalarni qabul qilib olish ishlari hujjatlarini ularning temir yo'l transporti sohasidagi talablarga muvofiqligi yuzasidan O'zdavtemiryo'lnazorat davlat inspektsiyasi tomonidan ko'rib chiqish. Ekspertizani amalga oshirish davomida taqdim etilgan hujjatlarning va texnik tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi aniqlanadi.
3. Xulosa 5 yil muddatga beriladi.

II. Ruxsat berish talablari va shartlari

4. Ariza beruvchi tomonidan loyihalarni hamda ob'ektlar, mahsulotlar va texnologiyalarni qabul qilib olish ishlarini amalga oshirishda ruxsat berish talablari va shartlariga quyidagilar kiradi: loyihalarni hamda ob'ektlar, mahsulotlar va texnologiyalarni qabul qilib olish ishlarini amalga oshirishda qonun hujjatlariga majburiy rioya etish; harakat xavfsizligini, texnika xavfsizligini, yong'in xavfsizligi talablari va normalarini, ishlab chiqarish sanitariyasi va ekologiyasini ta'minlash; texnik asbob-uskunalarning, moslamalar va instrumentlarning, shuningdek xizmat ko'rsatuvchi xodimlarning temir yo'l transportida belgilangan talablarga muvofiqligi; loyihalarni hamda ob'ektlar, mahsulotlar va texnologiyalarni qabul qilib olish ishlarini xulosada ko'rsatilgan doirada amalga oshirish; ariza beruvchining nomi yoki joylashgan joyi (pochta manzili) o'zgarganligi qayta ro'yxatdan o'tkazilgandan keyin etti ish kuni mobaynida O'zdavtemiryo'lnazorat davlat inspektsiyasini xabardor qilish.

III. Xulosa olish uchun zarur bo'lgan hujjatlar

5. Xulosa olish uchun ariza beruvchi O'zdavtemiryo'lnazorat davlat inspektsiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi: -ariza beruvchining nomi, joylashgan joyi (pochta manzili) va tashkiliy-huquqiy shakli ko'rsatilgan xulosa berish to'g'risidagi ariza; ushbu Nizomga 3-ilovaga* muvofiq shakl bo'yicha loyihalar hamda ob'ektlar, mahsulotlar va texnologiyalarni qabul qilib olishga doir ishlar;
-yuridik shaxsning davlat ro'yxatidan o'tkazilganligi to'g'risidagi guvohnoma nusxasi; temir yo'l transportida loyihalarni hamda ob'ektlar, mahsulotlar va texnologiyalarni qabul qilib olish ishlarini tayyorlash va amalga oshirish uchun texnik tartibga solish sohasidagi qonun hujjatlari va normativ hujjatlarda nazarda tutilgan ijro hujjatlari;
-tashkilot rahbariyati tomonidan belgilangan tashkilotning ichki nazorati bo'yicha ariza beruvchining talablari keltirilgan holda, temir yo'l transporti sohasidagi ishlarni bajarish uchun tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlangan, ariza beruvchi tomonidan ishlab chiqilgan, temir yo'l transporti sohasida amalga oshiriladigan ishlarni bajarish texnologiyasi (temir yo'l harakat tarkibining xizmat muddatini uzaytirish uchun texnik diagnostika metodikasi).
6. Ariza beruvchidan ushbu Nizomning 5-bandida nazarda tutilmagan hujjatlarni talab qilishga yo'l qo'yilmaydi.
7. Xulosa olish uchun zarur bo'lgan hujjatlar ariza beruvchi tomonidan O'zdavtemiryo'lnazorat davlat inspektsiyasiga bevosita, ularning olinganligi to'g'risidagi xabarnoma bilan, pochta aloqasi vositasi orqali yoki elektron shaklda taqdim etiladi. Elektron shaklda taqdim etilgan hujjatlar ariza beruvchining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
8. Xulosa olish uchun O'zdavtemiryo'lnazorat davlat inspektsiyasiga taqdim etilgan hujjatlar ro'yxat bo'yicha qabul qilinadi, ro'yxat O'zdavtemiryo'lnazorat davlat inspektsiyasi tomonidan hujjatlar qabul qilingan sana to'g'risidagi belgi bilan ariza beruvchiga darhol beriladi (yuboriladi).

IV. Arizani ko'rib chiqish va xulosa berish yoki uni berishni rad etish to'g'risida qaror qabul qilish.

9. O'zdavtemiryo'lnazorat davlat inspektsiyasi arizani ko'rib chiqadi, loyihalarni hamda ob'ektlar, mahsulotlar va texnologiyalarni qabul qilib olish ishlarini ekspertizadan o'tkazadi, so'ngra ushbu Nizomning 5-bandida nazarda tutilgan hujjatlar qabul qilib olingan sanadan boshlab unbesh ish kunidan oshmaydigan muddatda xulosa beradi yoki xulosa berishni rad etadi. Ariza ko'rib chiqilganligi uchun yig'im undirilmaydi.
10. Agar O'zdavtemiryo'lnazorat davlat inspektsiyasi ushbu Nizomning 9-bandida nazarda tutilgan muddat mobaynida ariza beruvchiga xulosani bermasa yoki uni berishni rad etmasa, u holda ushbu muddat o'tgach ariza beruvchi, bu to'g'rida
O'zdavtemiryo'lnazorat davlat inspektsiyasini yozma ravishda xabardor qilgan holda, o'zi amalga oshirish uchun xulosa olmoqchi bo'lgan loyihalarni hamda ob'ektlar, mahsulotlar va texnologiyalarni qabul qilib olish ishlarini amalga oshirish huquqiga ega.
Ushbu bandning birinchi xatboshida nazarda tutilgan holatda, O'zdavtemiryo'lnazorat davlat inspektsiyasi ariza beruvchining yozma shakldagi xabarnomasini olgach, besh ish kuni mobaynida unga xulosa berishi shart. Xulosa olingungacha, qabul qilib olingan sanasi ko'rsatilgan holdagi taqdim etilgan hujjatlar ro'yxati hamda ariza beruvchi tomonidan O'zdavtemiryo'lnazorat davlat inspektsiyasiga yuborilgan xabarnoma xulosaga tenglashtiriladi hamda loyihalarni hamda ob'ektlar, mahsulotlar va texnologiyalarni qabul qilib olish ishlarini amalga oshirish uchun asos hisoblanadi.
11. O'zdavtemiryo'lnazorat davlat inspektsiyasi rahbari (boshlig'i yoki uning o'rinbosari), O'zdavtemiryo'lnazorat davlat inspektsiyasining mutaxassislari tomonidan tayyorlangan ushbu Nizomga 4-ilovaga* binoan shakl bo'yicha muvofiqlik to'g'risidagi dalolatnoma asosida xulosani imzolaydi yoki uni berishni rad etadi.
*1 4-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan O'zdavtemiryo'lnazorat davlat inspektsiyasi rahbarining (boshlig'i yoki uning o'rinbosarining) imzosi gerbli muhr bilan tasdiqlanadi.
12. O'zdavtemiryo'lnazorat davlat inspektsiyasi ariza beruvchiga xulosani beradi (yuboradi) yoki uni tegishli qaror qabul qilingan sanadan boshlab bir ish kunidan kechikmay xulosa berishning rad etilgani to'g'risida yozma shaklda xabardor qiladi. Xulosa berilganligi va uning amal qilish muddati uzaytirilganligi uchun yig'im undirilmaydi.
13. Xulosa berish quyidagi asoslar bo'yicha rad etilishi mumkin:
ariza beruvchi tomonidan ushbu Nizomning 5-bandida ko'rsatilgan hujjatlar to'liq hajmda taqdim etilmaganda; ariza beruvchi ruxsat berish talablari va shartlariga muvofiq bo'lmaganda; ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda ishonchsiz yoki buzilgan ma'lumotlar mavjud bo'lganda. Xulosa berishning boshqa asoslarga ko'ra, shu jumladan maqsadga muvofiq emasligi sabablariga ko'ra rad etilishiga yo'l qo'yilmaydi.
14. Xulosa berishni rad etish to'g'risida qaror qabul qilingan taqdirda rad etish to'g'risidagi xabarnoma ariza beruvchiga, rad etishning sabablari, qonunchilikning aniq normalari va ariza beruvchi ko'rsatib o'tilgan sabablarni bartaraf etib hujjatlarni takroran ko'rib chiqish uchun taqdim etishi mumkin bo'lgan muddat ko'rsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi (taqdim etiladi). Ariza beruvchi rad etish sabablarini bartaraf etishga va hujjatlarni takroran ko'rib chiqish uchun taqdim etishga haqli bo'lgan muddat xulosa berishni rad etish to'g'risidagi yozma xabarnoma olingan kundan boshlab o'n ish kunidan kam bo'lishi mumkin emas.
15. Xulosa berishni rad etish uchun asos bo'lgan sabablar belgilangan muddatda ariza beruvchi tomonidan bartaraf etilgan taqdirda hujjatlarni takroran ko'rib chiqish, xulosa berish yoki uni berishni rad etish O'zdavtemiryo'lnazorat davlat inspektsiyasi tomonidan rad etish sabablari bartaraf etilganligi to'g'risida ariza va rad etish sabablari bartaraf etilganligini tasdiqlovchi tegishli hujjatlar olingan kundan boshlab o'n ish kunidan oshmaydigan muddatda amalga oshiriladi. Tadbirkorlik sub'ektining arizasi takroran ko'rib chiqilganligi uchun yig'im undirilmaydi.
16. Hujjatlarni takroran ko'rib chiqishda ariza beruvchiga ilgari yozma shaklda bayon qilinmagan rad etish sabablarining O'zdavtemiryo'lnazorat davlat inspektsiyasi tomonidan ko'rsatilishiga yo'l qo'yilmaydi, ilgari ko'rsatilgan sabablarning bartaraf etilganini tasdiqlovchi hujjatlar bilan bog'liq holdagi rad etish sabablarining ko'rsatilishi bundan mustasno.
17. Xulosa berishining rad etilgani to'g'risidagi yozma xabarnomada ko'rsatilgan muddat o'tgandan keyin ariza beruvchi bergan ariza yangidan berilgan ariza hisoblanadi va O'zdavtemiryo'lnazorat davlat inspektsiyasi tomonidan umumiy asoslarda ko'rib chiqiladi.
18. Ariza beruvchi xulosa berishning rad etilgani, shuningdek O'zdavtemiryo'lnazorat davlat inspektsiyasi mansabdor shaxsining harakati (harakatsizligi) to'g'risida belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.

V. Xulosani qayta rasmiylashtirish, uning amal qilish muddatini uzaytirish, dublikat berish

19. Ariza beruvchi qayta tashkil etilganda, uning nomi yoki joylashgan joyi (pochta manzili) o'zgarganda ariza beruvchi yoki uning huquqiy vorisi qayta rasmiylashtirishdan o'tgandan keyin etti ish kuni mobaynida O'zdavtemiryo'lnazorat davlat inspektsiyasiga, ko'rsatilgan ma'lumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda, xulosani qayta rasmiylashtirish to'g'risida ariza berishi shart. Hujjatlar ariza beruvchi tomonidan O'zdavtemiryo'lnazorat davlat inspektsiyasiga ushbu Nizomning 7-bandida nazarda tutilgan tartibda taqdim etiladi. Tadbirkorlik sub'ektidan ushbu bandda nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim etishni talab qilishga yo'l qo'yilmaydi.
20. Xulosa qayta rasmiylashtirilgungacha xulosani qayta rasmiylashtirish to'g'risida ariza bergan yoki uning huquqiy vorisi xulosada ko'rsatilgan loyihalarni hamda ob'ektlar, mahsulotlar va texnologiyalarni qabul qilib olish ishlarini ariza qabul qilib olingan sanasi O'zdavtemiryo'lnazorat davlat inspektsiyasi tomonidan ko'rsatilgan holdagi xulosani qayta rasmiylashtirish to'g'risida berilgan ariza asosida amalga oshiradi.
21. Xulosani qayta rasmiylashtirishda O'zdavtemiryo'lnazorat davlat inspektsiyasi berilgan xulosalar reestriga tegishli o'zgartirishlar kiritadi. Xulosalarni qayta rasmiylashtirish va berish tegishli hujjatlar ilova qilingan holda xulosani qayta rasmiylashtirish to'g'risidagi ariza O'zdavtemiryo'lnazorat davlat inspektsiyasi tomonidan olingan kundan boshlab besh ish kunidan ko'p bo'lmagan muddatda amalga oshiriladi.
22. Xulosani qayta rasmiylashtirilganlik uchun yig'im undirilmaydi.
23. Arizaning amal qilish muddati tugagach u ariza beruvchining arizasiga ko'ra uzaytirilishi mumkin. Xulosaning amal qilish muddatini uzaytirish to'g'risidagi ariza O'zdavtemiryo'lnazorat davlat inspektsiyasiga xulosaning amal qilish muddati o'tgungacha berilishi kerak. Xulosaning amal qilish muddatini uzaytirish uni berish uchun nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
24. Xulosa yo'qolganda yoki yaroqsiz holga kelganda ariza beruvchining arizasi bo'yicha xulosaning dublikati beriladi.
25. O'zdavtemiryo'lnazorat davlat inspektsiyasi xulosa dublikatini ariza, shuningdek u yaroqsiz holga kelganda xulosaning asl nusxasi olingan kundan boshlab besh ish kunidan ko'p bo'lmagan muddatda berishi (yuborishi) shart. Xulosa dublikati berilganligi uchun yig'im undirilmaydi.

VI. Xulosaning amal qilish muddatini to'xtatib turish, to'xtatish va xulosani bekor qilish.

26. Xulosaning amal qilish muddatini to'xtatib turish, to'xtatish va xulosani bekor qilish Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to'g'risidagi O'zbekiston Respublikasi Qonunining tegishli ravishda 22, 23 va 25-moddalarida nazarda tutilgan holatlarda va tartibda amalga oshiriladi.
27. Quyidagilar xulosaning amal qilishini belgilangan tartibda to'xtatish uchun asos bo'ladigan ruxsat berish talablari va shartlarining bir marta qo'pol ravishda buzilishiga kiradi: O'zdavtemiryo'lnazorat davlat inspektsiyasi tomonidan belgilangan tartibda o'tkaziladigan ruxsat berish talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirishlardan bosh tortish; ular yuzasidan xulosa berilgan loyihalarni hamda ob'ektlar, mahsulotlar va texnologiyalarni qabul qilib olish ishlarini amalga oshirish natijasida fuqarolarning hayoti va sog'lig'iga zarar etkazish yoxud bunday zarar etkazilishining aniq xavfini tug'dirish.

VII. Berilgan xulosalarning reestri

28. O'zdavtemiryo'lnazorat davlat inspektsiyasi berilgan xulosalar reestrini yuritadi va uni o'zining rasmiy veb-saytida joylashtiradi.
29. Berilgan xulosalar reestrida quyidagilar ko'rsatilgan bo'lishi kerak:
ariza beruvchining nomi, joylashgan joyi (pochta manzili) va tashkiliy-huquqiy shakli, telefoni; xulosaning berilgan sanasi va tartib raqami; xulosaning amal qilish muddati;
xulosani qayta rasmiylashtirish, amal qilish muddatini uzaytirish, amal qilishini to'xtatib turish va tiklashning asosi va sanasi; xulosaning amal qilish muddatini to'xtatishning asosi va sanasi;
xulosani bekor qilishning asosi va sanasi; xulosa dublikatini berishning asosi va sanasi.

VIII. Yakunlovchi qoida

30. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor bo'lgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.

Hujjatlar shakllari