"O‘zdavtemiryo‘lnazorat" inspeksiyasi o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
Bosh > Biz haqimizda > Funksiyalarni
Sahifaning oxirgi yangilanish sanasi: 11 03 2016

1. Tegishli vazirliklar, idoralar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘llarida texnik foydalanish qoidalariga, poyezdlar harakati va manevr ishlari yo‘riqnomasiga, signalizatsiya va aloqa yo‘riqnomasiga, shuningdek, temir yo‘l transporti texnika vositalarining avariyasiz ishlashini tartibga soluvchi boshqa yo‘riqnomalar va normativ hujjatlarga rioya qilinishi ustidan davlat nazoratini olib borish;

2. Temir yo‘l transportida yuk va yo‘lovchilar tashish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalashni tashkil etish;

3. Tegishli vazirliklar, idoralar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlashga va temir yo‘l transportida yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlovchi texnik vositalarning ishonchliligini oshirishga qaratilgan oldini olish tadbirlari ishlab chiqilishi va belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi ustidan davlat nazoratini olib borish;

4. Temir yo‘l transporti sohasida yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, tasdiqlash va ularning vazirliklar, idoralar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan bajarilishini belgilangan tartibda nazorat qilish;

5. Loyihalarni ekspertizadan o‘tkazish va obyektlarni, mahsulotlarni va texnologiyalarni, ularning temir yo‘l transporti sohasidagi belgilangan talablarga muvofiqligi jihatidan, foydalanishga qabul qilish ishlarini amalga oshirish;

6. «O‘zbekiston temir yo‘llari» davlat-aksiyadorlik kompaniyasining lavozimiga yangidan tayinlanayotgan xodimlarining, shuningdek vazirliklar, idoralar, muassasalar, korxonalar va tashkilotlarning o‘z faoliyatini temir yo‘l transporti sohasida amalga oshiruvchi xodimlarning texnik foydalanish qoidalarini va yo‘riqnomalarni bilishini belgilangan tartibda komissiya tuzib, vaqti-vaqti bilan tekshirish;

7. O‘zbekiston Respublikasi hududida yuz bergan favqulodda hodisalar (avariya, halokat)ga oid xizmat tekshiruvlari o‘tkazilishida ishtirok etish hamda MDH ning boshqa mamlakatlari va xorijiy mamlakatlar hududida yo‘lovchi tashish poyezdlari bilan bo‘lgan temir yo‘l hodisalariga oid xizmat tekshiruvini o‘tkazishda belgilangan tartibda ishtirok etish;

8. Vazirliklar, idoralar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan o‘tkazilayotgan poyezdlar harakati xavfsizligi talablari buzilishining xizmat tekshiruvlari to‘g‘riligini nazorat qilish;

9. Vazirliklar, idoralar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan poyezdlar harakati xavfsizligi talablari buzilishi hisobini yuritish hamda tahlil qilish;

10. O‘zbekiston Respublikasi hududida harakat xavfsizligi talablarini buzish hollarini hamda ularning sabablarini tasniflash va ular yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazish tartibi bo‘yicha normativ hujjatlarni ishlab chiqish va tasdiqlash;

11. Temir yo‘l transporti obyektlarini tayyorlovchi, quruvchi va ulardan foydalanuvchi korxonalar va tashkilotlarning poyezdlar xavf-xatarsiz harakatlanishini ta’minlash yuzasidan ishlarini texnik tekshirishni tashkil etish va belgilangan tartibda o‘tkazish;

12. Temir yo‘l transportida xavfli yuklar, qurol-yarog‘lar, harbiy texnika, harbiy mol-mulk, portlovchi moddalar va buyumlar, shuningdek harbiy kontingentlarni tranzit tashishda xulosalar berish;

13. «O‘zbekiston temir yo‘llari» davlat-aksiyadorlik kompaniyasi hamda transport qurilish korxonalarida qozonxona obyektlari va ko‘tarish inshoatlarini saqlash va ulardan xavf-xatarsiz foydalanish bo‘yicha qoidalar va yo‘riqnomalar, normativ hujjatlarga rioya etilishini nazorat qilish.

«O‘zdavtemiryo‘lnazorat» inspeksiyasi o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bevosita, shuningdek o‘ziga qarashli hududiy filiallar orqali hal qiladi.