Litsenziya
Sahifaning oxirgi yangilanish sanasi: 12 05 2018

Mahalliy va xalqaro yo’nalishlar bo’yicha
temir yo’l transportida yo’lovchilarni hamda yuklarni
tashish faoliyatini litsenziyalash tartibi to’g’risida
NIZOM

I. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom mahalliy va xalqaro yo’nalishlar bo’yicha temir yo’l transportida yo’lovchilarni hamda yuklarni tashish faoliyatini litsenziyalash tartibini belgilaydi.

2. Mahalliy va xalqaro yo’nalishlar bo’yicha temir yo’l transportida yo’lovchilarni hamda yuklarni tashish faoliyatini litsenziyalash O’zbekiston Respublikasi temir yo’llarda yuk va yo’lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (keyingi o’rinlarda "O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasi deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.

3. Aholining hayoti va sog’lig’ini xavf ostiga qo’ygan hamda avariya-qutqarish va tiklash ishlarini amalga oshirishni talab etadigan tabiiy ofatlar, epidemiyalar, yirik avariyalar oqibatlarini tugatish hamda Hukumat qarorlariga binoan muruvvat yuklarini yetkazib berish bilan bog’liq bo’lgan tashishlarni amalga oshirish, shuningdek, "Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to’g’risida"gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining 9-moddasida nazarda tutilgan tashkilotlarga mahalliy va xalqaro yo’nalishlar bo’yicha temir yo’l transportida yo’lovchilarni hamda yuklarni tashish faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun litsenziya (keyingi o’rinlarda litsenziya deb ataladi) olish talab etilmaydi.

4. Mahalliy va xalqaro yo’nalishlar bo’yicha temir yo’l transportida yo’lovchilarni hamda yuklarni tashish faoliyati faqat yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
Amalga oshirish huquqi uchun litsenziya olingan faoliyat turi faqat litsenziyani olgan yuridik shaxs tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Litsenziyalarni yoki ularga doir huquqlarni boshqa shaxslarga berish taqiqlanadi.

5. Mahalliy va xalqaro yo’nalishlar bo’yicha temir yo’l transportida yo’lovchilarni hamda yuklarni tashish faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun namunaviy (oddiy) litsenziyalar beriladi.
Litsenziya talabgorining arizasiga ko’ra, litsenziya umuman faoliyat turiga yoxud uning quyidagi qismlariga beriladi:
mahalliy yo’nalishda yo’lovchilar tashish;
xalqaro yo’nalishda yo’lovchilar tashish;
mahalliy yo’nalishda yuklar tashish;
xalqaro yo’nalishda yuklar tashish.

6. Litsenziya besh yil muddatga beriladi. Litsenziya talabgorining arizasiga ko’ra litsenziya besh yildan kam bo’lgan muddatga berilishi mumkin.

7. Mahalliy va xalqaro yo’nalishlar bo’yicha temir yo’l transportida yo’lovchilarni hamda yuklarni tashish faoliyatini litsenziyalash ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema bo’yicha amalga oshiriladi.

II. Litsenziya talablari va shartlari

8. Quyidagilar temir yo’l transportida yo’lovchilarni hamda yuklarni tashish faoliyatini amalga oshirishda litsenziya talablari va shartlari hisoblanadi:
qonun hujjatlariga, shuningdek, yuklarni tashish qoidalari, temir yo’l transportida yo’lovchilar, bagaj va yuk bagajlarni tashish qoidalariga hamda temir yo’lda tashishlar xavfsizligini ta’minlash sohasida texnik tartibga solish, temir yo’l transportining harakatlanuvchi tarkibi, obyektlari va texnik vositalarini saqlash, ta’mirlash, ularga xizmat ko’rsatish va ulardan foydalanish sohasidagi boshqa normativ hujjatlarga majburiy rioya qilish;
harakat xavfsizligini ta’minlashga mas’ul bo’lgan, temir yo’lda tashishlar xavfsizligini ta’minlash sohasida texnik tartibga solish, temir yo’l transportining harakatlanuvchi tarkibi, obyektlari va texnik vositalarini saqlash, ta’mirlash, ularga xizmat ko’rsatish va ulardan foydalanish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni va normativ hujjatlarni bilish bo’yicha "O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasi tomonidan belgilangan tartibda attestatsiyadan o’tgan mansabdor shaxslarning shtatda mavjud bo’lishi;
lokomotiv, yo’lovchi yoki yuk tashish vagonining tegishli temir yo’l harakatlanuvchi tarkibi tomonidan rejali ta’mirlash turlaridan o’tganligini tasdiqlovchi texnik pasportining (formulari) mavjud bo’lishi;
temir yo’lda tashishlar xavfsizligi, yong’in xavfsizligi, ishlab chiqarish sanitariyasi va ekologiyasi, harakatlanuvchi tarkibni texnik soz holatda saqlash, uning butligini ta’minlash, texnik ko’rikdan o’tkazish, texnika xavfsizligini ta’minlash, lokomotivni reysdan oldin texnik ko’rikdan va tegishli xodimlarni tibbiy ko’rikdan o’tkazish bo’yicha talablar va normalarning bajarilishi;
yo’lovchilar va yuklarni tashishda foydalaniladigan harakatlanuvchi tarkibning, shuningdek, xodimlarning temir yo’l transportida belgilangan talablarga muvofiq bo’lishi;
harakatlanuvchi tarkibning xizmat muddati uzaytirilganligi to’g’risidagi zarur guvohnomalarning, yangidan sotib olingan harakatlanuvchi tarkib uchun sertifikatlarning, kirishi yo’lining texnik pasporti hamda kirish yo’lida xizmat ko’rsatish, harakatni tashkil etish va manyovr ishlarini amalga oshirish tartibi to’g’risidagi yo’riqnomalarning mavjud bo’lishi;
litsenziyalanadigan faoliyatning litsenziyada ko’rsatilgan harakat zonasi doirasida amalga oshirilishi;
shartnomalar tuzishda - mijozlarning talabiga ko’ra hamda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tekshirishlar o’tkazish paytida - nazorat qiluvchi organlarga litsenziyani taqdim etish;
"O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasining talabiga ko’ra litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish chog’ida yuzaga keladigan masalalar bo’yicha zarur axborotni unga taqdim etish.

III. Litsenziya olish uchun zarur bo'lgan hujjatlar

9. Litsenziya olish uchun litsenziya talabgori quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, uning joylashgan joyi (pochta manzili), bankning nomi va yuridik shaxsning bankdagi hisobraqami, yuridik shaxs amalga oshirishni ko’zlayotgan faoliyatning litsenziyalanadigan turi (uning bir qismi) va faoliyatning mazkur turi amalga oshiriladigan muddat, shuningdek, arizaga ilova qilinadigan hujjatlar ro’yxati ko’rsatilgan holda ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shaklda litsenziya berish to’g’risidagi ariza. Litsenziya berish to’g’risidagi arizada litsenziya talabgorining elektron manzili ham ko’rsatilishi mumkin;
talabgorga mulk huquqi, boshqa ashyoviy huquqlar yoki ijara shartnomasi asosida tegishli bo’lgan harakatlanuvchi tarkibning ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shakldagi ro’yxati;
temir yo’l transportida tashish jarayoniga jalb qilingan rahbar xodimlar va mutaxassislarning ushbu Nizomga 4-ilovaga muvofiq shakl bo’yicha ro’yxati;
temir yo’l transportida tashish jarayoniga, kirish yo’llarining, harakatlanuvchi tarkibning texnik holatiga, tormoz boshmoqlarining saqlanishi va hisobini yuritishga, harakatlanuvchi tarkibning harakatlanish xavfsizligi va butligini ta’minlashga mas’ul shaxslarni tayinlash to’g’risida yuridik shaxs rahbarining buyrug’idan nusxa;
arizani ko’rib chiqish uchun belgilangan yig’imning litsenziya talabgori tomonidan to’langanligini tasdiqlovchi hujjat (to’lov topshiriqnomasining nusxasi).

10. Litsenziya talabgoridan ushbu Nizomning 9-bandida nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim etishini talab qilishga yo’l qo’yilmaydi.

11. Litsenziya olish uchun zarur bo’lgan hujjatlar litsenziya talabgori tomonidan "O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasiga bevosita, pochta aloqa vositalari yoki ularning olinganligi to’g’risidagi bildirishnoma bilan O’zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi o’rinlarda Yagona portal deb ataladi) orqali elektron shaklda taqdim etiladi.
Elektron shaklda taqdim etilgan hujjatlar litsenziya talabgorining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
Litsenziya berish to’g’risidagi arizada litsenziya talabgori elektron manzilining ko’rsatilishi uning arizasi bo’yicha qabul qilingan qaror haqidagi xabarnomani elektron shaklda olishga roziligi hisoblanadi.
Litsenziya olish uchun "O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasiga taqdim etilgan hujjatlar ro’yxat bo’yicha qabul qilinadi va ro’yxatning nusxasi ariza beruvchiga hujjatlar belgilangan organ tomonidan qabul qilingan sana qayd etilgan holda topshiriladi (yuboriladi).

12. Litsenziya talabgori tomonidan litsenziya olish uchun taqdim qilingan zarur hujjatlar "O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasi ularning aksini tasdiqlamagunicha barcha holatlarda ishonchli hisoblanadi.
Ishonchli bo’lmagan yoki soxtalashtirilgan ma’lumotlar taqdim etilganligi uchun litsenziya talabgori qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.

13. "O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasiga litsenziyalash uchun boshqa tashkilotlar tomonidan beriladigan hujjatlarni olish talab qilingan holatlarda, litsenziyalash soddalashtirilgan tartibda "yagona darcha" tamoyili bo’yicha amalga oshiriladi va bunda "O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasi ko’rsatilgan hujjatlarni yuridik shaxsning ishtirokisiz mustaqil ravishda oladi.

IV. Arizalarni ko'rib chiqish va litsenziya berish yoki
litsenziya berishni rad etish to'g'risida qaror qabul qilish

14. Litsenziya talabgorining arizasi ko’rib chiqilganligi uchun ariza berilgan kunda qonunchilikda belgilangan eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdorida yig’im undiriladi.
Litsenziya talabgorining arizasi, shu jumladan Yagona portal orqali taqdim etilgan arizalar ko’rib chiqilganligi uchun yig’im summasi "O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasining bank hisobraqamiga o’tkaziladi.
Litsenziya talabgori berilgan arizadan voz kechgan taqdirda to’langan yig’im summasi qaytarilmaydi.

15. Litsenziya talabgoriga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to’g’risidagi qaror litsenziya talabgorining arizasi olingan kundan boshlab o’ttiz kundan oshmaydigan muddatda qabul qilinadi.

16. Litsenziya berish to’g’risidagi arizani ko’rib chiqish va zarur hujjatlarni (ko’rik dalolatnomasi, texnik, ekspert xulosalari va boshqalarni) tayyorlash "O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasining litsenziyalashni tashkil qilish bo’limi (keyingi o’rinlarda ishchi organ deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.

17. Ishchi organ hujjatlarni ariza olingan kundan boshlab, yigirma ish kunidan oshmaydigan muddatda ko’rib chiqadi, joylarga borib litsenziya talabgorining litsenziya talablari va shartlarini bajarish imkoniyatini o’rganadi, o’rganish natijalari bo’yicha ekspert xulosasini tayyorlaydi va uni "O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasi rahbariga (rahbar bo’lmaganda - uning o’rinbosariga) litsenziya talabgoriga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to’g’risidagi bayonnoma qarorining tegishli loyihasi bilan birga tasdiqlash uchun taqdim etadi.
"O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasi rahbari (rahbar bo’lmaganda - uning o’rinbosari) ishchi organning ekspert xulosasi olingandan so’ng o’n ish kunidan oshmaydigan muddatda uni ko’rib chiqadi va qabul qilingan qaror to’g’risidagi bayonnomani tasdiqlaydi.
"O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasining litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to’g’risidagi qarori litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish uchun asos hisoblanadi.

18. "O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasi litsenziya talabgorini qabul qilingan qaror to’g’risida tegishli qaror qabul qilingan kundan keyin uch ish kuni mobaynida xabardor qiladi.
Litsenziya berishga qaror qabul qilinganligi to’g’risidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga bank hisobraqamining rekvizitlari, davlat bojini to’lash muddati ko’rsatilgan holda yozma shaklda, shu jumladan axborot tizimi orqali elektron shaklda yuboriladi (topshiriladi).
Litsenziya berishni rad etish to’g’risidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga rad etish sabablari va litsenziya talabgori ko’rsatib o’tilgan sabablarni bartaraf etib, hujjatlarni qayta ko’rib chiqishga taqdim etishi mumkin bo’lgan muddat ko’rsatilgan holda yozma shaklda, shu jumladan elektron shaklda axborot tizimi orqali yuboriladi (topshiriladi). Litsenziya berishni rad etish haqidagi xabarnomada ko’rsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur bo’lgan vaqtga mutanosib bo’lishi kerak.
Litsenziya berish rad etilishiga asos bo’lgan sabablar litsenziya talabgori tomonidan "O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasi bildirishnomasida belgilangan muddatda bartaraf etilgan taqdirda, hujjatlar "O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasi tomonidan litsenziya talabgorining arizasi barcha zarur hujjatlar bilan birga olingan kundan boshlab besh ish kunidan oshmaydigan muddatda qayta ko’rib chiqiladi. Litsenziya talabgorining arizasi qayta ko’rib chiqilganligi uchun yig’im undirilmaydi.
Litsenziya talabgorining arizasini qayta ko’rib chiqishda litsenziya berishni rad etish to’g’risidagi bildirishnomada avval ko’rsatilmagan yangi asoslar bo’yicha litsenziya berishni rad etishga yo’l qo’yilmaydi.
"Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to’g’risida"gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasida nazarda tutilgan asoslar bo’yicha litsenziya berish rad etilishi mumkin.
Litsenziya talabgori "O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasining litsenziya berishni rad etish to’g’risidagi qarori, shuningdek, mansabdor shaxsining harakati (harakatsizligi) yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.

19. Litsenziya talabgori tomonidan litsenziya berishni rad etish haqidagi bildirishnomada ko’rsatilgan muddat o’tgandan keyin taqdim etilgan ariza yangi berilgan deb hisoblanadi.

20. Litsenziat litsenziya berish to’g’risida qaror qabul qilingani haqida bildirishnoma yuborilgan (topshirilgan) vaqtdan boshlab uch oy mobaynida "O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasiga litsenziya berish uchun davlat boji to’langanini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmasa yoki litsenziya bitimini imzolamasa, "O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasi mazkur litsenziyani bekor qilish huquqiga ega.

21. Litsenziyalovchi organ bilan litsenziat o’rtasidagi o’zaro huquq va majburiyatlarni belgilovchi litsenziya bitimi "O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasi bilan litsenziat o’rtasida tuziladi va quyidagilarni o’z ichiga olgan bo’lishi kerak:
bitimni imzolagan shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi;
tomonlarning rekvizitlari;
amalga oshirilishiga litsenziya berilayotgan aniq faoliyat turining nomi;
litsenziyaning amal qilish muddati;
litsenziatga qo’yiladigan litsenziya talablari va shartlari;
litsenziya bitimi talablari va shartlari buzilganligi uchun tomonlarning javobgarligi;
"O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasi tomonidan litsenziatning litsenziya bitimi talablari va shartlarini bajarishini nazorat qilish tartibi.
Litsenziya bitimi ikki nusxada - litsenziat va "O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasi uchun bir nusxadan tuziladi.

22. Litsenziya maxsus blankada rasmiylashtiriladi. Litsenziya blankalari qat’iy hisobot beriladigan hujjat hisoblanadi, hisobga olish seriyasiga, tartib raqamiga va himoyalanish darajasiga ega bo’ladi. Litsenziya blankasining namunasi "O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasi tomonidan ishlab chiqiladi va "Davlat belgisi" davlat-ishlab chiqarish birlashmasida bosmaxona usulida tayyorlanadi. Litsenziyalar blankalarining hisobga olinishi, saqlanishi va ulardan maqsadli foydalanilishi uchun "O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasi rahbari javob beradi.

23. Litsenziyalar litsenziya talabgori davlat boji to’laganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etganidan va litsenziya bitimini imzolaganidan keyin ikki kun muddatda "O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasi tomonidan rasmiylashtiriladi va beriladi.
Litsenziyalar "O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasining boshlig’i (rahbar bo’lmaganda - uning o’rinbosari) tomonidan imzolanadi.

V. Litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish, ularning amal qilish muddatini uzaytirish va dublikat berish

24. Litsenziat qayta tashkil etilgan, uning nomi yoki joylashgan joyi (pochta manzili) o’zgargan taqdirda, litsenziat yoki uning huquqiy vorisi qayta ro’yxatdan o’tkazilgandan keyin bir oy muddatda "O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasiga ko’rsatib o’tilgan ma’lumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish to’g’risida ariza berishi shart.
Yangi tashkil etilgan yuridik shaxs davlat ro’yxatidan o’tkazilgan sanada bir xil turdagi litsenziyalangan faoliyatni amalga oshirish litsenziyasiga ega bo’lgan litsenziatlar - yuridik shaxslar qo’shilgan taqdirda, litsenziyani ushbu bandning birinchi qismida nazarda tutilgan tartibda qayta rasmiylashtirishga yo’l qo’yiladi.
Litsenziyaning litsenziyalanadigan faoliyat turining bir qismi (qismlari) uchun amal qilishi to’xtatilganda litsenziya qayta rasmiylashtiriladi.

25. Litsenziya qayta rasmiylashtirilguniga qadar litsenziat unda belgilangan faoliyatni ilgari berilgan litsenziya asosida amalga oshiradi.

26. Litsenziya qayta rasmiylashtirilganda "O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasi litsenziyalar reyestriga tegishli o’zgartirishlar kiritadi.
Litsenziyalar "O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasi tomonidan qayta rasmiylashtirish to’g’risida tegishli hujjatlar ilova qilingan ariza olingan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida qayta rasmiylashtiriladi.
Litsenziya qayta rasmiylashtirilganda, litsenziya talabgorining litsenziya berish to’g’risidagi arizasini ko’rib chiqish uchun to’lanadigan summaning yarmi miqdorida yig’im undiriladi. Yig’im summasi "O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasining bank hisobraqamiga o’tkaziladi.

27. Litsenziyaning amal qilish muddati litsenziatning arizasiga ko’ra uzaytiriladi.
Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish to’g’risidagi ariza "O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasiga litsenziyaning amal qilish muddati tugashidan ikki oydan kechiktirmay taqdim etilishi lozim.
Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish yoki uzaytirishni rad etish to’g’risidagi qaror litsenziya berish uchun nazarda tutilgan tartibda qabul qilinadi.

28. Yo’qotib qo’yilgan yoki yaroqsiz holga kelib qolgan va amal qilish muddati tugamagan litsenziya o’rniga litsenziatning arizasiga ko’ra uning dublikati beriladi.
Litsenziya dublikatlarini berishda litsenziya talabgorining litsenziya berish to’g’risidagi arizasini ko’rib chiqish uchun to’lanadigan summaning yarmi miqdorida yig’im undiriladi.

VI. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish

29. Litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi "O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasi tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nazorat qilinadi.

30. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilishda "O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasi o’z vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega bo’ladi:
litsenziatning litsenziya talablari va shartlariga rioya etishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rejali tekshirish;
litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshiruvdan o’tkazish paytida yuzaga keluvchi masalalar bo’yicha litsenziatdan zarur axborotni so’rash va olish;
litsenziya talabgorining litsenziya talablari va shartlarini bajarish imkoniyatini joyiga borib o’rganish;
tekshirishlar natijalari asosida litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlarining aniq buzilish holatlarini ko’rsatgan holda dalolatnomalar (ma’lumotnomalar) tuzish;
litsenziatga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish majburiyatini yuklaydigan qarorlar chiqarish va bunday buzilishlarni bartaraf etish muddatlarini belgilash;
litsenziyaning amal qilishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda to’xtatib turish yoki bekor qilish;
xo’jalik yurituvchi subyektlar tomonidan temir yo’l transporti sohasida yo’lovchilar va yuklarni tashish faoliyati litsenziyasiz amalga oshirilgan holatlar aniqlangani to’g’risidagi materiallarni soliq organlariga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan choralarni ko’rish uchun belgilangan tartibda yuborish.
"O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

31. Nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar o’z vakolatlari doirasida litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlarini buzish holatlari aniqlaganda "O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasiga aniqlangan huquqbuzarliklar to’g’risida xabar beradi.

VII. Litsenziyaning amal qilishini to'xtatib turish, to'xtatish, litsenziyani bekor qilish

32. Litsenziyaning amal qilishini to’xtatib turish, to’xtatish yoki uni bekor qilish "Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to’g’risida"gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining 22, 23 va 24-moddalarida nazarda tutilgan holatlarda va tartibda litsenziyalovchi organ tomonidan amalga oshiriladi.

33. Amal qilish muddati to’xtatib turilgan yoki to’xtatilgan litsenziyalar, shuningdek, bekor qilingan litsenziyalar to’g’risidagi ma’lumotlar "O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasi tomonidan tegishli axborot resurslariga kiritiladi.

34. Quyidagi holatlar litsenziyaning amal qilishini belgilangan tartibda to’xtatish uchun asos bo’ladigan litsenziya talablari va shartlarining qo’pol buzilishi hisoblanadi:
litsenziat tomonidan temir yo’lda tashishlar xavfsizligini ta’minlash sohasida texnik tartibga solish, temir yo’l transportining harakatlanuvchi tarkibi, obyektlari va texnik vositalarini saqlash, ta’mirlash, ularga xizmat ko’rsatish va ulardan foydalanish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar va normativ hujjatlar talablarining muntazam (bir yil davomida ikki va undan ortiq) buzilishi;
temir yo’l transportida tashishlar jarayoni bilan bog’liq ishlarning tegishli yo’nalishlari bo’yicha oliy yoki o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi ma’lumoti to’g’risidagi diplomga ega bo’lmagan mutaxassislar tomonidan amalga oshirilishi;
litsenziyani olishda qalbaki hujjatlardan foydalanilgani to’g’risidagi dalillarning aniqlanishi.

35. "O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasining litsenziyaning amal qilishini to’xtatib turish, to’xtatish yoki uni bekor qilish to’g’risidagi qarori yuzasidan sudga shikoyat qilish mumkin. Litsenziyaning amal qilishini to’xtatib turish, to’xtatish yoki uni bekor qilish asossiz ekanligi sud tomonidan e’tirof etilgan taqdirda, "O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasi litsenziat oldida litsenziat ko’rgan zarar miqdorida javob beradi.

VIII. Litsenziyalar reestri

36. "O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasi litsenziyalar reyestrini yuritadi.
Litsenziyalar reyestrida quyidagilar ko’rsatilishi kerak:
yuridik shaxsning nomi, uning tashkiliy-huquqiy shakli, pochta manzili, telefoni;
litsenziyaning berilgan sanasi va tartib raqami;
litsenziyaning amal qilish muddati;
umuman faoliyat turiga yoki uning bir qismiga litsenziya berish to’g’risidagi ma’lumotlar;
litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish, amal qilish muddatini uzaytirish, amal qilish muddatini to’xtatib turish va tiklashning asosi va sanasi;
litsenziyalarning amal qilishini to’xtatish asoslari va sanasi;
litsenziyalarni bekor qilish asoslari va sanasi;
dublikat berishning asoslari va sanasi.

37. Litsenziyalar reyestridagi mavjud ma’lumot "O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi va tanishish uchun ochiq hisoblanadi.

IX. Davlat boji to'lash tartibi

38. Temir yo’l transportida yo’lovchilar va yuklarni tashish faoliyatini amalga oshirish huquqiga litsenziyalar berilgani va ularning amal qilish muddati uzaytirilgani uchun O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan miqdorlarda davlat boji undiriladi.
Litsenziyalar berilganligi uchun undirilgan davlat boji mablag’lari "O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasining bank hisobraqamiga o’tkaziladi va quyidagi tartibda taqsimlanadi:
"O’zdavtemiryo’lnazorat" inspeksiyasini saqlashga - 20 foiz;
O’zbekiston Respublikasining respublika byudjetiga - 80 foiz.

10-BOB. YAKUNLOVCHI QOIDA

39. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.