Konstitutsiya – huquq va erkinliklarimiz kafolati!
O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasida Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlar doktori Feruza Muxiddinova ishtirokida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – inson huquq va erkinliklari kafolati” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda inspeksiya markaziy apparati va Toshkent filiali xodimlari qatnashishdi.
1992 yil 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun sifatida mamlakatimiz tarix solnomasida muhim o‘rin egallaydi. Joriy yil 25 yilligi nishonlanayotgan Bosh qomusimimiz qabul qilingan kun Respublikamizning har bir go‘shasida keng nishonlanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini keng targ‘ib etish, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimiz qalbida qonunga hurmat, Vatanga mehr va sadoqat tuyg‘usini kuchaytirish, ularning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish hamda Asosiy qonunimiz qabul qilinganining yigirma besh yillik sanasini keng nishonlash maqsadida muhtaram Prezidentimizning 2017-yil 20-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma besh yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoyishi qabul qilindi. Unga muvofiq barcha davlat idoralari, tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlarida Bosh qomusimizning yigirma besh yilligini munosib nishonlash maqsadida tadbirlar, uchrashvlar, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda. Jumladan, o‘tgan hafta “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” davlat isnpeksiyasida Konstitutsiya kuniga bag‘ishlangan tadbir samimiy va mulohazalarga boy tarzda kechdi. Taniqli yurist F.Muxiddinova ma’ruzasi davomida Konstitutsiyamizdagi har bir bobga alohida to‘xtalib o‘tdi. Ma’ruzachi Bosh qomusimizda ayol va erkakning teng huquqli ekanligi, oila instituti, oilada ayol va erkakning burchi va vazifalari, fuqarolarning tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar Qonun oldida tengligi naqadar muhim ahamiyat kasb etishini hayotiy misollar bilan batafsil tushuntirib o‘tdi. Yoshlarimizning yot g‘oyalarga berilib ketmasliklari, turli darajadagi jinoyatlar ishtirokchisiga aylanmasliklari uchun barcha birdek mas’ul ekanligi alohida ta’kidlab o‘tildi. Shuningdek, korrupsiya - jamiyat rivojiga asosiy to‘siq sifatida tilga olindi va uni bartaraf etish uchun ko‘rilayotgan choralarga to‘talib o‘tildi.
-Konstitutsiyamizning 25 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbir barchamiz uchun qiziqarli va foydali bo‘ldi deydi, - “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” davlat inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘i FarxodYo‘ldoshev. Huquqiy mavzu azaldan barcha uchun eng qiziqarli va har bir fuqaro ehtiyojlari uchun zarur bo‘lib kelgan. Sababi har birimiz kundalik hayotda u yoki bu holatda huquq mavzusiga murojaat qilamiz. Ma’ruzachining moddalarni hayotiy faktlar bilan mufassal tahlil qilib bergani ayniqsa, manzur bo‘ldi. Bundan tashqari bevosita ish faoliyatimiz uchun ham qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ldik.
Bosh qomusimizning 25 yilligiga bag‘ishlangan tadbir savol-javob qismi ham qiziqarli va bahs munozaralarga boy tarzda kechdi. Unda inspeksiya xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob olish bilan bir qatorda huquqiy bilimlarini mustahkamlab olishdi.
“O‘zdavtemiryo‘lnazorat” davlat inspeksiyasi
Axborot xizmati