Yangiliklar

Temir yo`l kesishmalarda ehtiyot bo`ling!


Yo`l-transport kommunikatsiyalari global tarmoqlar orqali integrasiyalashayotgan, barcha turdagi transport vositalarining tezligi ortib borayotgan davrda harakat xavfsizligini ta`minlash dolzarblik kasb etadi. Bu temiryo`l transporti faoliyatini samarali tashkil etish uchun ham eng muhim omil hisoblanadi. Qashqadaryo viloyati miqyosida bu borada zarur choralar ko`rilayotganiga qaramay ayrim fuqarolarning huquqbuzarligi tufayli harakat xavfsizligiga putur yetyapti. O`kazilgan kuzatuvlar natijasida ba`zida aholi vakillarining temir yo`ldan foydalanish qoidalarini juda qo`pol ravishda buzishi, qolaversa, avtomobil haydovchilari tomonidan temiryo`l kesishmasidan o`tish qoidalariga rioya qilmaslik holatlari aniqlandi.
Aytish joizki, hozirgi kunda viloyada toifasi yuqori bo`lgan qo`riqlanuvchi temir yo`l kesishmalaridagi shlagbaumlar boshqaruvi avtomatlashtirilgan. Mavjud vaziyatdan to`la xabardor bo`lmagan ayrim haydovchilar esa kesishma navbatchilariga o`rinsiz e’trozlar bildirmoqda. Ya`ni haydovchi yopiq holatdagi temir yo`l kesishmasi oldida turar ekan, kesishma navbatchisidan poezd hali uzoqdaligini aytib shlagbaumni ochishni talab qilayapdi, u bilan ziddiyatga bormoqda. Vaholanki, ularning bu e`tirozi umuman o`rinsiz, bu holat navbatchiga bog`liq emas.
Ya`ni poezd o`z manzili tomon harakatni boshlashdan oldin bekat navbatchisi temir yo`lni ochiq holatga keltiradi, bunda kompyuter orqali ogohlantiruvchi ishoralar beriladi. Temir yo`l kesishmasida shu ishoralar berilganidan boshlab 15 soniya o`tgach, avtoshlagbaum avtomatik tarzda yopiq holatga keladi. Bu jarayonda navbatchi faqat kuzatuvchi vazifasini bajaradi, ya`ni kesishma navbatchisi avtoshlagbaumni yopib-ochmaydi.
Shu bilan birga, qo`riqlanmaydigan temir yo`l kesishmalaridan o`tishda ham alohida ehtiyotkorlik zarar qilmaydi. Kesishmada ogohlantiruvchi qo`ng`iroq va svetoforning miltillovchi qizil chirog`i poezd yaqinlashayotganligini anglatadi.
O`zbekiston Respublikasi ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining tegishli moddalari asosida temir yo`llarda fuqarolarning beparvolik oqibatida sodir etgan qilmishlari va temir yo`l transport tizimining benuqson harakatlanishiga keltirgan ziyonlari uchun jarima belgilangan.Ya`ni temir yo`lni belgilanmagan joylardan kesib o`tish, chorva mollarini haydab o`tkazish, chorva mollarini temir yo`l atrofida boqish kabi hatti-harakatlar, transport vositalari haydovchilarining kesishmadan o`tish qoidalarini buzishi javobgarlikka sabab bo`ladi. O`zbekiston Reshublikasining “Temir yo`l transporti to`g`risida”gi Qonunida esa temir yo`l bekatlari, vokzallar va temir yo`lning tashish jarayoni bilan bog`liq boshqa bo`linmalari hududlari, poezdlar harakati amalga oshiriladigan temir yo`l tarmoqlari o`ta xavfli zonalar hisoblanadi, deb ko`rsatilgan.
Muxtasar qilib aytganda, temir yo`llarda poezdlar harakati xavfsizligini ta`minlash barchamizning burchimizdir. Bu borada mahallalarda, ta`lim muassasalarida temir yo`ldan o`tish, poezdlar harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi holatlarning oldini olish, yong`in xavfsizligi qoidalariga amal qilish yuzasidan targ`ibot ishlarini kuchaytirish lozim.
Olim QURBONNAZAROV
“O`zdavtemiryo`lnazorat” davlat inspeksiyasi
Qashqadayo filiali boshlig`i
19.02.2018