Yangiliklar

Ehtiyotsizlik oqibati...


Temir yo'l transporti aholining olis manzillarini yaqin, og`irini yengil qilishi, qulay va xavfsizligi bilan unga bo'lgan ishonch va ehtiyoj ortib bormoqda. Biroq, bugungi kunda yuqori tezlikda harakatlanuvchi ushbu transport vositasi qatnovchi temir yo`llarda piyodalar va haydovchilarning ehtiyotsizlik bilan harakatlanishi juda ko'p ko'ngilsiz hodisalar, ba'zida fojealarga olib kelishi mumkinligini hamma vaqt ham o'ylab ko'rmaymiz.
O'tkazilgan tahlillar ham ayni holatni ifodalab turibdi. 2017 yil 11 dekabrida Buxoro-1 va Buxoro-2 bekatlari oralig'idagi 3-kilometrdagi 9 ПК da joylashgan qo'riqlanmaydigan temir yo'l kesishmasida “Neksiya” haydovchisining “tezkorligi” teplovoz bilan to'qnashuviga olib keldi. Ayni Yangi yil oqshomida esa 43-raz'ezd – “Murg'ak” stantsiyalari oralig'ida 3981 kilometrdagi 1 ПК da joylashgan qo'riqlanmaydigan temir yo'l kesishmasidagi mashinist Po'latov boshqaruvidagi 604-raqamli 2ТЭ11М rusumli teplovoz “Kobalt” rusumli avtomashina bilan to'qnashuvi har ikki fuqaro xonadoniga ham ko'ngilxiraliklar olib kelgani rost. Qolaversa, moddiy zarar miqdori ham ozmunchani tashkil etmasligi barchaga ayon.
Yuqoridagi kabi baxtsiz hodisalarning oldini olish, yo'lovchilar va haydovchilar xavfsizligini ta'minlash maqsadida “O'zdavtemiryo'lnazorat” davlat inspektsiyasi qoshida doimiy faoliyat yurituvchi idoralararo komissiya tashkil etilgan. Tasdiqlangan rejaga asosan tegishli idoralar rahbarlari ishtirokida temir yo'l kesishmalarida muntazam ko'riklar o'tkazilmoqda.
Shu bilan birga o'tkazilayotgan profilaktik tadbirlar davomida aholiga to'qnashuvlar oldini olish va ular keltiradigan kulfatlar, moddiy va ma'naviy zararlar xususida muntazam axborot va tushuntirishlar berilmoqda.

Amin Murtazoev
“O'zdavtemiryo'lnazorat” inspeksiyasi
Buxoro filiali inspektori,
“O'zdavtemiryo'lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati
26.02.2018