Yangiliklar

Muhofaza zonalaridagi obyektlar tartibga solinadi!


O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida 2017 yil 13 dekabrda o'tkazilgan “Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo'mitasi va uning tuzilmalari faoliyatini takomillashtirish ishlari natijadorligi, mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish chora-tadbirlari to'g`risida”gi yig`ilishda berilgan topshiriqqa muvofiq O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida “Yo'l xaritasi” ishlab chiqildi. Bosh vazirning birinchi o'rinbosari A.J.Ramatov tomonidan muhofaza zonalarida va “qizil chiziqlar”ga tutash hududlarda obyektlarni joylashtirish mezonlari zamonaviy talablar asosida qayta ko'rib chiqish bo'yicha tasdiqlangan “Yo'l xaritasi” 6-bandida “O'zdavtemiryo'lnazorat” inspeksiyasiga “O'zbekiston temir yo'llari” aksiyadorlik jamiyati hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda “Ajratilgan mintaqa va sanitariya-himoya (muhofaza) zonalarida uy-joy va mulk obyektlarini qurishni ta`qiqlovchi” Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini ishlab chiqish topshirilgan. Mazkur topshiriqni o'z vaqtida va samarali bajarish maqsadida “O'zdavtemiryo'lnazorat” inspeksiyasi boshlig`i boshchiligida ishchi-guruh hamda jadval-rejasi tuzilgan. Unga muvofiq inspeksiya xodimlari hamkor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qilinadigan ishlar ko'lami aniq muddatlari bilan taqsimlangan.
Ayni paytda ishchi-guruh o'ziga yuklangan vazifalarni belgilagan tartibda bajarishga kirishgan va muntazam axborot almashinuvi hamda qat'iy nazorat olib borilmoqda. Loyihadan hayotga tadbiq etishdan ko'zlangan asosiy maqsad temir yo'l transporti muhofaza zonalari va ajratilgan mintaqa chegaralaridagi temir yo'l transporti yerlarining o'lchamini, ulardan foydalanish tartibotini o'rnatishning, shuningdek, temir yo'llarning sanitariya-himoya (muhofaza) zonalarida va ajratilgan mintaqalarda turar joy binolari hamda mulkiy obyektlarni qurishga ta'qiqlar o'rnatishni ko'zda tutuvchi yagona tartibni belgilash.
2018 yil 25 aprelda inspeksiyaning majlislar zalida ishchi-guruhning dastlabki kengaytirilgan yig`ilishi bo'lib o'tdi. Yig`ilishni ishchi guruh raisi - “O'zdavtemiryo'lnazorat” inspeksiyasi boshlig`i Doniyor Axmedov olib bordi.
Tadbirda ishchi-guruh zimmasidagi vazifalar, loyihaning ahamiyati va dolzarbligi to'g`risida batafsil to'xtalib o'tildi. Vazirlik va idoralar xodimlari o'z fikr mulohazalari bilan o'rtoqlashib, galdagi vazifalarni belgilab olishdi. Unga muvofiq har bir vazirlik va idora vakili loyihaning dastlabki variantiga o'z taklif va e'tirozlarini asoslantirgan holda, yozma ravishda bildirishi ta'kidlab o'tildi. Navbatdagi yig`ilishga qadar takliflar umumlashtirilib, qaror loyihasi muhokamaga qo'yilishi kelishib olindi.

Axborot xizmati boshlig`i
Xayriddinov F.N.
26.04.2018