Yangiliklar

Temir yo`l kesishmalarida holat qanday?


“Oqrabod-Qumqo`rg`on-Quduqli” yangi temir yo`l liniyasi “Darband temir yo`l masofa” korxonasi hududi hisoblanadi. Yo`nalishda 39 ta temir yo`l kesishmasi mavjud.
Ularning hammasi avtomobil yo`llari bilan tutash. 6 tasi qo`riqlanadigan, 33 tasi qo`riqlanmaydigan temir yo`l kesishmalaridir. 2018 yilning 4 oyida 5 tasi qaytadan qurilib, zamonaviy ko`rinishga keltirildi. Bu kesishmalarda har oyda har xil darajada qoidabuzarliklar sodir etilmoqda. Garchand temir yo`l kesishmalarida poezd sostavi yaqinlashayotganligini bildiruvchi chiroqlar yonib turganiga qaramay, ba`zi haydovchilar avtomobil (texnika)larini to`xtatmay “tezroq o`tib olay” degan maqsadda tezlikni oshirishmoqda. Qo`riqlanadigan temir yo`l kesishmalarida shlagbaumlar tushirilganda ham ayrim haydovchilar poezd sostavi o`tishini kutib turmay avtotransportlarini haydab ketish hollari uchramoqda.
“Darband temir yo`l masofa” korxonasi yo`l harakati qoidalariga rioya qilmaydigan, shoshqaloq haydovchilar tomonidan sodir etilayotgan bunday noxush holatlar yuzasidan viloyat YHXB ga to`liq ma`lumotlar yubormoqda. Shuningdek, temir yo`l yaqinida joylashgan tashkilotlar, mahallalar, o`quv maskanlari va shaxsiy transporti bo`lgan fuqarolar bilan o`tkazilayotgan uchrashuvlarda boshliq o`rinbosarlari X.Murtazoyev, Ch.Irmuminov, I.Shermatov, C.Umbarov, X.Mustafoqulov, H.Ersariyevlar temir yo`l kesishmalari va temir yo`ldan o`tish qoidalariga amal qilmaslik salbiy oqibatlarga olib kelishi haqida tushuntirish olib borishyapti.
Oxirgi vaqtlarda “Oqrabod-Qumqo`rg`on-Quduqli” temir yo`l oralig`ida va bekatlarga yaqin joylarda yashaydigan aholi tomonidan temir yo`l atrofida chorva mollarini boqish va qarovsiz qoldirish yoki yosh bolalarga ishonib tashlab ketish holatlari bot-bot uchrab turibdi. Chorva mollari temir yo`lga chiqib poezdlar harakatini qiyinlashtirmoqda. Boz ustiga ushbu joylarda ayrim yosh bolalar relslar ustiga har xil buyumlar (tosh, temir parchalari va hokazo)lar qo`yib ketishyapti va yo`l belgilarini og`natib, o`g`irlashmoqda.
Aziz vatandoshlar! Po`lat izlar atrofida harakat qilib, kesib o`tish vaqtida ehtiyot bo`lmasangiz, to`xtab turgan poezdlar tagidan o`tsangiz o`zingizni nimalar kutayotganini o`ylab ko`ring. Hushyorlik hamisha zarur…

O.Qurbonnazarov,
Qashqadaryo filiali boshlig`i

F.Xayriddinov
Axborot xizmati boshlig`i
19.06.2018