«O'zdavtemiryo'lnazorat» inspektsiyasi o'ziga yuklangan vazifalar va funktsiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Bosh > Biz haqimizda > Huquqlari
Sahifaning oxirgi yangilanish sanasi: 11 03 2016

1. Temir yo'l transporti sohasida harakat xavfsizligini ta'minlash bo'yicha normativ-huquqiy hujjatlarning bajarilishini belgilangan tartibda nazorat qilish;

2. Davlat nazoratini amalga oshirish bilan bog'liq qoidalar, yo'riqnomalar, nizomlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni belgilangan tartibda tasdiqlash;

3. O'z faoliyatini temir yo'l transporti sohasida amalga oshiruvchi vazirliklar va idoralar, muassasalar va tashkilotlarning korxonalari ob'ektlarini belgilangan tartibda tekshirish;

4.Harakatlanadigan tarkibni va temir yo'l transporti sohasidagi boshqa texnik vositalarni yaratish (qurish), sinab ko'rish, seriyali ishlab chiqarish, foydalanishga qabul qilishda qatnashish;

5. Tegishli vazirliklar, idoralar, korxonalar, tashkilotlardan hujjatlarni, tadbirlar rejalarini talab qilib olish, shuningdek, temir yo'llarda yuk va yo'lovchilar tashish xavfsizligini ta'minlash bilan bog'liq masalalar bo'yicha, shu jumladan, yuk va yo'lovchilar tashish xavfsizligi qoidalari buzilishi hollarini tekshirish masalalari bo'yicha hisobotlarni eshitish;

6. Temir yo'llarda yuk va yo'lovchilar tashish xavfsizligini ta'minlash masalalari bo'yicha qoidalar, yo'riqnomalar, buyruqlar va ko'rsatmalarni buzayotgan shaxslarga nisbatan O'zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq choralar ko'rish;

7. Temir yo'l transporti texnika vositalaridan foydalanishni va ishlarni amalga oshirishni to'xtatib turish, odamlarning hayoti va salomatligiga, yuk va yo'lovchilar tashish xavfsizligiga xavf soluvchi nosozliklar tufayli peregonlarda, stantsiyalarda va kirish yo'llarida poezdlar harakatini to'xtatish yoki harakat tezligini cheklash to'g'risida ko'rsatmalar berish;

8.Lokomotivlar, motor vagonli harakatdagi sostav, vagonlar, yo'llar va o'tkazish strelkalari, signalizatsiya va aloqa qurilmalari, bog'lanish tarmoqlari sifatsiz ta'mirlangan hollarda ularni tuzatishdan chiqarishni taqiqlash;

9. Lokomotivlar, vagonlar, yo'llar, signalizatsiya va aloqa hamda elektr ta'minoti tizimlari va temir yo'l transportining boshqa texnika vositalarining belgilangan tartib buzilgan holda o'tkazilgan komissiya tekshiruvlari natijalarini bekor qilish;

10. Poezdlar harakati xavfsizligi talablari va standartlar buzilishi hollari bo'yicha materiallarni belgilangan tartibda tegishli organlarga berish;

11. Tegishli vazirliklar, idoralar, shuningdek tashkilotlar va korxonalarga (ayni paytda ushbu tashkilotlar va korxonalar tizimiga kiruvchi vazirliklar va idoralarni xabardor qilgan holda) o'z vakolatiga kiruvchi masalalar bo'yicha poezdlar harakati xavfsizligini ta'minlash yuzasidan ishlardagi aniqlangan buzilishlar va kamchiliklarni bartaraf etish haqida ko'riladigan chora-tadbirlar to'g'risida axborot taqdim etish muddatini belgilagan holda bajarilishi majburiy bo'lgan yozma ko'rsatmalar berish;

12. Tegishli vazirliklar, idoralar, muassasalar va tashkilotlar bilan kelishgan holda ularning vakillarini, shuningdek ularga bo'ysunuvchi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning malakali mutaxassislarini favqulodda hodisalarga oid xizmat tekshiruvini o'tkazishda ishtirok etish, favqulodda hodisalarga oid xizmat tekshiruvini o'tkazish bilan bog'liq masalalar bo'yicha ekspertizalar o'tkazish va texnikaviy maslahatlashish uchun jalb qilish;

13. «O'zdavtemiryo'lnazorat» inspektsiyasining hududiy filiallari bevosita «O'zdavtemiryo'lnazorat» inspektsiyasi boshlig'iga bo'ysunadi.

14. Poezdlar harakati, yuk va yo'lovchilar tashish xavfsizligini ta'minlash sohasidagi faoliyatni amalga oshirish va belgilangan tartibda tekshiruvlar o'tkazish bilan bog'liq transport, aloqa vositalari, xizmat xonalaridan, xizmat vagonining to'siqsiz yurishidan, shuningdek boshqa huquqlardan foydalanish;

15. O'zbekiston Respublikasi bo'ylab safar qilishda lokomotivlar va poezdlar brigadalari tarkibiga «O'zdavtemiryo'lnazorat» inspektsiyasi xodimlarini belgilangan tartibda tekshiruvchilar sifatida kiritish.

16. «O'zdavtemiryo'lnazorat» inspektsiyasi O'zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo'lishi mumkin.