Inspeksiya haqida
«O‘ztemiryo‘lnazorat» inspeksiyasi poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash sohasida chora-tadbirlar ishlab chiqish, amalga oshirish va muvofiqlashtirish funksiyalarini bajaruvchi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda temir yo‘l transporti sohasida faoliyat yurituvchi boshqa tashkilotlar tomonidan temir yo‘l transporti sohasidagi harakat xavfsizligini ta’minlashga oid belgilangan qoida va normalarga rioya etilishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi, shuningdek, umumiy foydalanishdagi temir yo‘l transporti tashkilotlari va korxonalarida qozonxona ob’ektlari va ko‘tarish inshootlaridan xavfsiz foydalanishni nazorat qiluvchi davlat boshqaruvi organidir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2001 yil 2 martdagi PF–2815-son “Temir yo‘l transportini monopoliyadan chiqarish va aksiyalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash hamda temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish sohasidagi faoliyatni davlat tomonidan tartibga solish tizimini takomillashtirish, yuk va yo‘lovchilar xavfsiz tashilishini nazorat qilishni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 3 martdagi “Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 109-son qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tashkil etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 1 fevraldagi PF-5647 sonli “Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi etib qayta tashkil etilgan.