Odob-axloq qoidalari

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining odob-axloq komissiyasi to‘g‘risidagi
NIZOM

  • Odob-axloq qoidalarining buzilishi “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining odob-axloq komissiyasi (keyingi o‘rinlarda - komissiya deb ataladi) tomonidan ko‘rib chiqiladi.
  • Komissiya rais, masʼul kotib va kamida 5 nafar aʼzodan iborat tarkibda tashkil etiladi.
  • Komissiya tarkibi inspeksiya boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadi.
  • Komissiya o‘z vakolatlari doirasida:

Inspeksiya markaziy apparati hamda hududiy filiallari xodimlari (keyingi o‘rinlarda – inspeksiya xodimlari deb yuritiladi) tomonidan odob-axloq qoidalarini, shuningdek umumiy qabul qilingan maʼnaviy-axloqiy normalarni buzuvchi xatti-harakatlar (harakatsizlik) va qilmishlar sodir etilishi bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqadi;

jismoniy va yuridik shaxslarning  inspeksiya xodimlarining xatti-harakati yuzasidan alohida shikoyatlarini ko‘rib chiqadi;

inspeksiya xodimlari o‘rtasida odob-axloq qoida buzilishlarining oldini olishga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

Komissiya majlislari yakunlari bo‘yicha tegishli qaror qabul qiladi;

Odob-axloq qoidalarini takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqadi.

  • Komissiya ishlarini tashkil etish va Komissiya qarorlari bajarilishini nazorat qilish Komissiyaning masʼul kotibi (keyingi o‘rinlarda masʼul kotib deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.
  • Komissiya majlislari zaruriyatga ko‘ra o‘tkaziladi.
  • Komissiya majlisini komissiya raisi yoki uning topshirigiga ko‘ra - Komissiya aʼzolaridan biri yuritadi.
  • Komissiya majlislari, agar unda komissiya aʼzolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etsa vakolatli hisoblanadi.
  • Komissiya majlisida bayonnoma (protokol) yuritiladi.
  • Komissiya raisi:

komissiya ishini tashkil etadi;

komissiya majlislarini chaqiradi va o‘tkazadi;

komissiya aʼzolariga topshiriklar beradi;

yig‘ilishlarda komissiya faoliyati to‘g‘risida axborot beradi.

  • Masʼul kotib:

komissiya majlisida ko‘rib chiqish uchun materiallarni tayyorlaydi va ularning saqlanishini taʼminlaydi;

komissiya aʼzolarini va boshqa manfaatdor shaxslarni Komissiya majlisi o‘tkaziladigan sana, vaqt va o‘tkazish joyi to‘g‘risida xabardor qiladi;

komissiya aʼzolarining va manfaatdor shaxslarning majlisda ishtirok etishini tekshiradi, kelmaganligi sabablarini aniqlaydi va bu to‘g‘risida Komissiya raisiga axborot beradi;

komissiya majlislari bayonnomalarini yuritadi;

raislik qiluvchining komissiya majlislarini tayyorlash va o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa topshiriqlarini, shuningdek qoidalarga muvofiq boshqa funksiyalarni bajaradi.

  • Komissiya aʼzosi komissiya majlisida qatnashishi va o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarishi shart.
  • Komissiya aʼzosi komissiya majlisida qatnashishi imkoniyati bo‘lmaganda komissiya raisini oldindan xabardor qilishi shart.
  • Komissiya aʼzosi:

komissiya tomonidan ko‘rib chiqiladigan barcha masalalar bo‘yicha ovoz berish;

komissiya ko‘rib chiqishi uchun masalalar berish va takliflar kiritish;

qarorlarni tayyorlash, muhokama qilish va qabul qilishda, shuningdek ularning amalga oshirilishini tashkil etishda va bajarilishini nazorat qilishda ishtirok etish;

ko‘rib chiqiladigan masala bo‘yicha hujjatlar, maʼlumotnomalar va boshqa zarur maʼlumotlar bilan tanishish;

komissiya qaroridan rozi bo‘lmagan taqdirda o‘z fikrini bayon qilish huquqiga ega.

 

Odob-axloq qoidalari ijrosi monitoringini olib borish
Odob-axloq qoidalari buzilishi bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish tartibi

 inspeksiya xodimlari tomonidan Odob-axloq qoidalariga rioya qilish monitoringi komissiya hamda Kadrlar bo‘yicha bosh mutaxassis tomonidan olib boriladi.

  • Komissiya odob-axloq qoidalari buzilishi bilan bog‘liq masalalarni:

inspeksiya boshlig‘i va uning o‘rinbosarining topshirig‘iga binoan;

komissiyaning masʼul kotibi va aʼzolarining tashabbusi bilan;

inspeksiya bo‘linmalari boshliqlarining murojaatiga ko‘ra;

jismoniy va yuridik shaxslarning inspeksiya xodimining xatti-harakati yuzasidan alohida shikoyatlari asosida Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash va ijro nazorati bo‘limi boshlig‘ining murojaati bo‘yicha (jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqiladi);

inspeksiya xodimlarining murojaatlari bo‘yicha ko‘rib chiqadi.

  • Komissiyaga murojaat yozma shaklda berilishi va unda inspeksiya xodimi tomonidan sodir etilgan odob-axloq qoidalarini, shuningdek umumiy qabul qilingan maʼnaviy-axloqiy normalarni buzuvchi harakatlar (harakatsizlik) va qilmishlar to‘g‘risidagi maʼlumot mavjud bo‘lishi kerak.
  • Inspeksiya xodimi komissiyaga uning huquqlari, shaʼni va qadr-qimmatiga, ishbilarmonligiga dahl qiluvchi asoslanmagan murojaat berilgan taqdirda ularni qonun hujjatlariga muvofiq himoya qilish huquqiga ega.
  • Komissiyaga berilgan murojaat, komissiya majlisi boshlangunga qadar uning tashabbuskori tomonidan qaytarib olinishi mumkin.
  • Komissiya majlisiga, haqiqiy holatlarni aniqlash va xolisona qaror qabul qilis maqsadida, o‘ziga nisbatan komissiyada ish ko‘rib chiqilayotgan inspeksiya xodimi, zaruriyat bo‘lgan taqdirda esa - komissiyaga murojaat qilgan shaxs va boshqa shaxslar taklif etiladi.
  • Komissiyada o‘ziga nisbatan ish ko‘rib chiqilayotgan, komissiya majlisi o‘tkaziladigan vaqt va joy to‘g‘risida zarur tarzda xabardor qilingan  inspeksiya xodimining kelmaganligi komissiyaning majlisini o‘tkazish va tegishli qaror qabul qilish uchun to‘siq hisoblanmaydi.
  • Komissiya majlisida:

Komissiyaning kun tartibidagi masala va komissiyada ishni ko‘rib chiqishga sabab bo‘lgan asos;

Komissiyada o‘ziga nisbatan ish ko‘rib chiqilayotgan inspeksiya xodimi, zaruriyat bo‘lgan taqdirda esa - komissiyaga murojaat qilgan shaxslar to‘g‘risidagi maʼlumotlar eʼlon qilinadi.

  • Komissiyada o‘ziga nisbatan ish ko‘rib chiqilayotgan inspeksiya xodimi:

komissiya tomonidan o‘ziga tegishli masalani ko‘rib chiqish bo‘yicha hujjatlar, maʼlumotnomalar va boshqa zarur maʼlumotlar bilan tanishishga;

o‘z huquqlarini, shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish uchun materiallar va boshqa maʼlumotlarni taqdim etishga haqli.

  • Komissiyaning qarorlari ko‘pchilik ovoz bilan ochiq ovoz berish orqali qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lgan taqdirda Komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
  • Komissiya aʼzolarining va komissiya majlislarida qatnashgan shaxslarning komissiya ishi davomida o‘zlariga maʼlum bo‘lgan maxfiy maʼlumotlarni oshkor qilishi taqiqlanadi.
  • Qoidalarning buzilish holatini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha komissiya tomonidan qoida buzilishining mavjudligi (yo‘qligi) to‘g‘risida xulosa chiqariladi. Bir vaqtning o‘zida inspeksiya rahbariyati ko‘rib chiqishi uchun qonunbuzilish holatini sodir etgan inspeksiya xodimini javobgarlikka tortish to‘g‘risida taklif kiritiladi. Yo‘l qo‘yilgan qoida buzilishining xususiyati hisobga olingan holda komissiya inspeksiya xodimiga nisbatan odob-axloq qoidalari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risidagi ogohlantirish bilan cheklanishi mumkin.
  • Komissiyaning qarori bayonnoma (protokol) bilan rasmiylashtiriladi, u raislik qiluvchi tomonidan tasdiqlanadi hamda komissiyaning masʼul kotibi va aʼzolari tomonidan imzolanadi.
  • Komissiya majlisi bayonnomasining (protokolining) nusxasi yoki undan ko‘chirma o‘ziga nisbatan komissiyaning tegishli qarori qabul qilingan inspeksiya xodimining shaxsiy hujjatlari yig‘majildiga qo‘shib qo‘yiladi.
  • Komissiyaning qarori yuzasidan xodim tomonidan ish inspeksiya rahbariga shikoyat qilinishi mumkin. Inspeksiya rahbarilik komissiyaning qarorini bekor qilish va o‘z vakolatlari doirasida boshqa qaror qabul qilishga haqli.
04.08.2023  Chop etish